Yangiliklar
Xalqaro suv haftaligi Toshkentda bo‘lib o‘tadi
Kelgusi yil mart oyida Toshkentda Xalqaro suv haftaligi bo‘lib o‘tadi. Forum mintaqa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar vakillarini suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun birlashtiradi.
Bu haqda 15-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga ma’lumot berildi. Davlat rahbari tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi, shuningdek, kelgusi yilda Orolbo‘yi mintaqasida bo‘lib o‘tadigan suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha xalqaro forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuvda suv xo‘jaligida energiya sarfini kamaytirish choralari haqida ham so‘z yuritildi. Qoraqalpog‘istonda 274 ta nasos stansiyasi faoliyat yuritib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yerlar sug‘orilmoqda. Nasoslarning yarmidan ko‘pi eskirgan bo‘lib, zamonaviy uskunalarga nisbatan 2–3 baravar ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qiladi.
Kegeyli tumanida bitta nasos almashtirilgach, elektr energiyasi sarfi ikki baravar kamaydi. Endilikda 276 ta nasosni bosqichma-bosqich energiya tejamkor uskunalarga almashtirish rejalashtirilgan. Bu yiliga qariyb 25 mlrd so‘m tejash imkonini beradi va loyiha 14 oy ichida o‘zini oqlaydi. Mutasaddilar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti faoliyati haqida ma’lumot berildi. Hozirda universitetda 8 682 nafar talaba tahsil olmoqda va 571 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. OTM THE World University Rankings 2026 reytingida O‘zbekistonda birinchi o‘rinni egallab, dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kirgan.
Kelgusida universitetda iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli platforma yaratish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ishlashni rivojlantirish hamda xalqaro maqomga ega “Suv diplomatiyasi” magistratura dasturini ochish rejalashtirilgan.
Manba