XALQARO FORUM: TASHKENT WATER WEEK 2028

25 - 26 mart 2028, JW Marriott Hotel Tashkent / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Hosildorlik va suvni tejash agrar subsidiyalar uchun mezonlarga aylanishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalash va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengaydi, subsidiyalarni ajratish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkazilmoqda. Joriy yilda tarmoqdagi subsidiya yo‘nalishlari va turlari soni mos ravishda 29 ta va 91 taga yetkazildi, bu maqsadlar uchun 2,7 trillion so‘m nazarda tutilgan. Bir qator yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilmoqda, to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari sezilarli qisqartirildi.

Taqdimot davomida subsidiyalarni faqat xarajatlarni qoplashga emas, balki aniq natijalarga erishish bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi yildan boshlab bosqichma-bosqich “mablag‘ ajratish” modelidan “natijador subsidiya” modeliga o‘tish taklif qilindi.

Yangi tizimda asosiy mezonlar hosildorlik, suv va energiya tejalishi, shuningdek sarflangan resurs birligiga to‘g‘ri keladigan mahsulot hajmi bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantiriladi, natijalar onlayn rejimda kuzatib boriladi.

Dastlab ushbu mexanizm suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohasida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidya berilganidan keyingi ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suvdan foydalanish samaradorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmagan taqdirda subsidiya mablag‘larini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi. Bu davlat mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlaydi.

Taqdimot davomida qishloq xo‘jaligida sug‘urta tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda “Agrosafe” axborot tizimi hisobiga ko‘plab jarayonlar raqamlashtirilgan — elektron ariza topshirishdan tortib shartnoma va polis rasmiylashtirish, monitoring va ekspertiza o‘tkazish, shuningdek sug‘urta tovonini to‘lashgacha.

Sug‘urta qamrovini kengaytirish, unga bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chatlar hamda daraxtlar, import qilinadigan chorva mollari, shuningdek tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xatarlarni kiritish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, chorvachilik, poliz ekinlari, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.

2027 yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60 foizga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash va sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish maqsad qilib qo‘yilgan.

Yangi yondashuv doirasida zarar oqibatlarini qoplash bilan bir qatorda xatarlarning oldini olishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Maxsus jamg‘armada sug‘urta mukofotining 3-5 foizini shakllantirish va ushbu mablag‘larni chorvachilikda emlash, profilaktika va veterinariya xizmatlariga, paxtachilik va g‘allachilikda biologik himoya tadbirlariga, shuningdek bog‘dorchilik va uzumchilikda tabiiy ofatlardan himoya vositalarini o‘rnatishga yo‘naltirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari subsidiya va sug‘urta tizimlari, avvalo, fermerlar uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘larini aniq natijalarga erishishga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi. Inson omilini kamaytirish va jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash hamda sug‘urta tovonini tezkor to‘lash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mas’ullarga takliflarni yakuniga yetkazish va tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish topshirildi.

Manba