XALQARO FORUM: TASHKENT WATER WEEK 2028

25 - 26 mart 2028, JW Marriott Hotel Tashkent / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O`zbekiston tomchilatib sug`orish orqali har yili 3,5 milliard kubometr suvni tejash niyatida

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanish va suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Hozirgi kunda suvni tejovchi texnologiyalar 2,6 mln gektar sug‘oriladigan yer maydonida qo‘llanilmoqda, bu esa umumiy sug‘oriladigan yerlarning 60 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha bunday texnologiyalar atigi 19 ming gektarda qo‘llangan. Natijada har yili taxminan 2,5 mlrd kub metr suv tejalmoqda.

Taqdimot davomida ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan yangi takliflar muhokama qilindi.

Xususan, 2028-yilgacha qo‘shimcha 930 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilib, ularning umumiy maydoni 3,5 mln gektarga yetkaziladi, bu esa sug‘oriladigan yerlarning 80 foizini tashkil etadi.

Ushbu choralar har yili 3,5 mlrd kub metr suvni tejash, 300 ming gektar yerda sug‘orishni yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkonini beradi.

Tejalgan resurslar suv ta’minoti cheklangan hududlardagi fermerlarning ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Buning uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlaridan foydalanish rejalashtirilgan. Soliq stavkalari va subsidiyalar miqdori yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Masalan, suv ta’minoti beqaror hududlarda texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalar 1,25 koeffitsiyent bilan hisoblanadi.

Shuningdek, kredit jalb qilmasdan o‘z mablag‘i hisobidan texnologiyalarni joriy etayotgan fermerlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.

Ushbu tizim doirasida subsidiya summasining 50 foizi loyiha-smeta hujjatlari va pudratchi bilan shartnoma asosida oldindan ajratiladi. Bundan tashqari, tomchilatib yoki diskret sug‘orish qo‘llaniladigan don ekinlari maydonlariga ham subsidiya beriladi.

Tijorat banklari kreditlari foizlarining bir qismi qoplanadi, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun kreditlar har yili noyabrdan ajratiladi.

Suvni tejovchi texnologiyalarni o‘rnatuvchi pudratchilar kamida 2 yil kafolat va 5 yil servis xizmatini ta’minlashi shart.

Davlat nazoratini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Suv resurslarini boshqarish uchun “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilib, ular “Suv hisobi” tizimiga integratsiya qilinadi.

Hududiy inspeksiyalarda suv tejash va monitoring bo‘limlari tashkil etiladi. Tekshiruvlar bodikamera va dronlar orqali amalga oshiriladi.

Subsidiyalar asosida joriy etilgan texnologiyalar mavjud maydonlarda an’anaviy sug‘orishdan foydalanish noqonuniy suv iste’moli deb baholanadi.

Fermerlar manfaatlarini himoya qilish uchun davlat boji bo‘yicha imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Kadrlar salohiyatini oshirish ham muhim yo‘nalish sifatida belgilandi.

“Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2026-yilda 10 ming fermer malakasi oshiriladi, 358 mutaxassis xorijda o‘qitiladi.

Prezident mas’ul organlarga choralarni izchil amalga oshirish, texnologiyalarni samarali joriy etish va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Manba