XALQARO FORUM: TASHKENT WATER WEEK 2026

25 - 26 mart 2026, JW Marriott Hotel Tashkent / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O‘zbekiston Jahon bankining “1 milliard kishi uchun suv xavfsizligi” tashabbusiga qo‘shildi

15 aprel kuni Vashingtonda Jahon banki guruhi (WBG) rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan hamkorlikda 2030-yilgacha 1 milliard kishining suv xavfsizligiga erishishga qaratilgan “Water Forward Initiative” global platformasini ishga tushirdi.Bu haqda Jahon banki vakolatxonasi xabar berdi.

Tadbirda Jahon banki prezidenti Ajay Banga va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, hamkor xalqaro moliya institutlari (XMI) rahbarlari va turli davlatlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi.

“Water Forward” tashabbusining taqdimot marosimida 14 mamlakatdan iborat birinchi guruh ishlab chiqilgan milliy suv paktlari asosida tashabbusga qoʻshilishlarini eʼlon qildi. O‘zbekiston, Albaniya, Angola, Boliviya, Vetnam, Kongo Demokratik Respublikasi, Iordaniya, Kambodja, Kamerun, Keniya, Kot-d’Ivuar, Senegal, Syerra-Leone va Yamayka shular jumlasidandir.

Qayd etilishicha, “Water Forward” tashabbusi aholiga xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish ishonchliligini oshirish hamda suv tizimlarining qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga chidamliligini mustahkamlash maqsadida suv xo‘jaligidagi islohotlar va suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ko‘mak beradi. Bunday loyihalar aholining turmush sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.

Jahon banki oʻz faoliyati orqali 2030 yilga kelib butun dunyo boʻylab 400 million kishining suv xavfsizligini taʼminlash majburiyatini oladi. Bunga suv va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sugʻorish tizimlari va xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, qurgʻoqchilik va toshqinlardan himoya qilish choralari, rivojlanayotgan mamlakatlarda suv manbalarini tiklash kiradi.

Hamkorlarning qoʻshimcha majburiyatlari bilan “Water Forward” tashabbusi 1 milliarddan ortiq odamni qamrab olishni maqsad qilgan.

“Wat Forward” tashabbusining markazida ishtirokchi hukumatlar rahbarligida ishlab chiqilgan milliy suv paktlari yotadi. Ular xalqaro hamkorlar bilan kelishilgan holda suv sohasini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va ularni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarni jalb qiladi.



Manba