Yangiliklar
Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi taqdimotni koʻrib chiqdi.
Keyingi yillarda sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga oshdi.
Shu davrda 7,7 million aholi birinchi marta markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi, yana 1,1 million kishi kanalizatsiya tarmog‘iga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 3,2 ming kilometr kanalizatsiya tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. 3,4 ming ichimlik suvi, 295 ta kanalizatsiya inshooti va nasos stansiyalari qurildi yoki modernizatsiya qilindi.
Kelgusi yillarda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlarini 80 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun 1,3 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha sarmoya jalb etish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari erishilgan natijalar bilan bir qatorda loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish tizimi hali talab darajasiga chiqmaganini ta’kidladi.
Xususan, yaqinda Andijon shahrining kanalizatsiya tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Sirg‘ali tumanida yoqimsiz hidlar tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlar o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida Termiz shahriga suv quvuri tortildi. Yil oxirigacha Sherobod, Muzrobod, Angora va Jarqo‘rg‘on tumanlarini suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Taqdimotda eng dolzarb muammolarni joylarda hal etishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, 513 ta mahallani markazlashtirilgan suv bilan ta’minlash, yana 3 mingta mahallani suv ta’minoti sifatini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarini to‘liq yakunlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 232 ming suv olish inshooti o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri turar-joy binolariga suv tarmoqlarini yotqizish rejalashtirilgan.
Yil oxirigacha umumiy qiymati 600 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Ularda 1,6 ming kilometr suv ta’minoti va 387 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari, shuningdek, 80 ta suv ta’minoti va 29 ta kanalizatsiya inshooti qurilishi ko‘zda tutilgan.
Natijada 107 ta mahallaning 310 ming nafar aholisi birinchi marta markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 453 ta mahallada yashovchi 2,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatidagi Hissarak suv omboridan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasini amalga oshirishni tezlashtirish vazifasi qo‘yildi. 217 million dollarlik mazkur loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahrining 1,1 million aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini qisqa vaqt ichida yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirildi.
Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish sohasida kredit va grant shartnomalarini imzolash, poytaxtimizda yangi kanalizatsiya inshooti qurish loyihasi bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
1-sentabrga qadar umumiy qiymati 317 million dollarlik oltita loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Ta`kidlanishicha, xizmatlarning haqiqiy tannarxining amaldagi tariflar bilan to‘liq qoplanmaganligi va hududlar o‘rtasida katta tafovut mavjudligi sababli sohaning investitsion jozibadorligi pasaymoqda.
Shu munosabat bilan ichimlik suvi ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish funksiyalarini ajratish, shuningdek, bosh suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif etildi. U hududiy korxonalarga yagona ulgurji tarif bo‘yicha ichimlik suvi yetkazib beradi.
Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni shaffof va iqtisodiy jihatdan maqbul mezonlar asosida belgilash boʻyicha Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, shuningdek, 2027-yil 1-apreldan boshlab byudjet tashkilotlari uchun yagona tarif joriy etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib, demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida mamlakatimizda ichimlik suvi iste’moli hozirgi 941 million kub metrga qo‘shimcha ravishda yana 230 million kub metrga oshadi. Bu suv resurslarining to‘g‘ri hisobini ta’minlash va suv yo‘qotilishini kamaytirishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan iste’molchilarga to‘lovlarni onlayn tarzda to‘liq o‘tkazish, shahar va viloyat markazlaridagi barcha iste’molchilarni ma’lumotlarni masofadan uzatish funksiyasiga ega zamonaviy suv hisoblagichlari bilan jihozlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Inshootlar va suv taʼminoti tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, shuningdek, boshqaruv tizimiga SCADA, GIS, telemetriya va yagona hisob-kitob tizimini keng joriy etish hisobiga suv yoʻqotilishini 35 foizdan 25 foizga kamaytirish maqsadi belgilandi.
Nasos uskunalari ishini tahlil qilish, avariyalar va suv sizib chiqishini oldindan aniqlash, iste’mol hajmini bashorat qilish, shuningdek, fuqarolarning murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish uchun sun’iy intellektdan foydalanishga mo‘ljallangan loyihalar ham taqdim etilgan.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida alohida fakultet ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, hududlardagi texnikumlar negizida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya yo‘nalishlarida dual ta’limni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish va aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Manba